Barcha yangiliklar RSS

Markaz yangiliklari

Xalqaro institutlar bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

     O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (SMITM) hamda Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining (IWMI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligi natijasida “Orolbo‘yi hududida qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilash va transchegaraviy hamkorlik uchun resurslardan barqaror foydalanish” (Sustainable Resource use in the Aral Sea Region for Improving Rural Livelihoods and Cross-Border Cooperation - Phase-2) mavzusidagi loyiha doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari uchun tajriba dalalarini zarur o‘lchov asbob-uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha moliyaviy ko‘magi yordamida Xorazm viloyati Urganch tumani hududida “Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi”ga qarashli maydonda “Suvchilar maktabi” amaliyot dalasida OXUS-WS Pro agrometeostansiyasi o‘rnatildi.

OXUS-WS Pro agrometeostansiyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi hududlarida atmosfera va tuproq holatini kuzatish uchun kompleks yechim hisoblanadi. Stansiya turli xil parametrlarni, jumladan, havo harorati va  nisbiy namligi, yog‘in miqdori, shamol tezligi va yo‘nalishi, tuproq namligi va harorati, tuproqning elektr o‘tkazuvchanligini o‘lchaydigan sensorlar to‘plami bilan jihozlangan.

Olingan ma’lumotlar ob-havo sharoitlarini tahlil qilish, sug‘orishni optimallashtirish, o‘simliklarni o‘sish va rivojlanish bosqichlarini monitoring qilish va boshqa agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun ishlatiladi. OXUS-WS Pro agrometeorologik stansiyasidan foydalanish qulayligi uning ma’lumotlarni avtomatik tarzda yig‘ish, qayta ishlash va uzatish qobiliyatidadir. Shuningdek, agrometeostansiyaga qo‘shimcha tuproq namligi, harorati va elektr o‘tkazuvchanligini aniqlovchi Datchik (sensor) o‘rnatilgan.


     Shu bilan birga SMITM tomonidan mazkur Meteostansiya joylashgan dala maydoniga A klassdagi GGI-3000 suv sathidan bug‘lanishni kuzatish uskunasi (Pan evaporation) hamda yer osti sizot suvlarini kuzatish quduqlari o‘rnatildi.

Shuningdek, IWMI tomonidan Meteostansiya o’rnatilgan dalaning ichki arig’I suv olish qulog’ida suv sarfini o’lchovchi “O’zgarmas-o’zan” gidroposti qurib berildi.

Bundan tashqari Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi hududida “Suvchilar maktabi” amaliyot dalasi tashkil etilganligini hisobga olinsa, Fermer xo‘jaligi raxbar va xodimlari uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarida suv tejovchi texnologiyalarni amalda ko‘rsatilishidan tashqari OXUS-WS Pro agrometeostansiyasi ma’lumotlaridan foydalanib fermerlar tomonidan sug‘orishni to‘g‘ri rejalashtirish bo‘yicha bilimlari oshiriladi.

      IWMI tomonidan mazkur loyiha doirasida yana SMITM ilmiy xodimlari uchun (portativ elektromagnit suv oqimi tezligini o‘lchovchi - MGG/KL-DCB) Gidrometrik vertushka hamda tuproq parametrlarini (namlik, harorat va tuproqning elektr o‘tkazuvchanligi) aniqlash uchun portativ sensor zamonaviy o‘lchov uskunalari taqdim etildi.
     Endilikda SMITM va Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi ilmiy xodimlari veb-ilova orqali masofadan turib kuzatish imkoniyatlari tufayli agrometeostansiyasi ma’lumotlarini istalgan joydan turib olishlari mumkin. Bunday imkoniyatlar kelajakda ilmiy xodimlarning ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari va maqolalarining sifatini yanada oshiradi.

3-05-2024, 10:00
Ko'rishlar: 98
Sahifani chop etish
Suv hayotning asosi, uning qayta tiklanadigan resursidir. Uni shunday boshqarish kerakki, uning tabiat bilan munosabatlari doimiyligi saqlanib qolsin.
“Suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo'lib, u davlat tomonidan qo'riqlanadi”