Ichki xo‘jalik kanallarida suv isrofgarchiligining oldini olish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari
Xorazm suv muammolari ilmiy tadqiqot markazi (SMITM) tomonidan 2024 yil uchun tasdiqlangan ish rejaga asosan “Xorazm viloyati sharoitida fermer xo‘jaligi ichki xo‘jalik kanallari texnik xolatini o‘rganish va ularda suv isrofgarchiligini oldini olishga qaratilgan texnik loyiha namunalarini ishlab chiqish” maqsadida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
2023 yil 30 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan video selektorda qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish yuzasidan suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” eʼlon qilindi.
Shu bilan birga suv isteʼmolchilari fermerlarga tegishli ichki xo‘jalik kanallarini tumanlar kesimida betonlashtirish bo‘yicha ham tadbirlar belgilangan
SMITM “Gidrometriya” laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan Xorazm viloyatida mazkur tadbirlarning bajarilishi va ichki xo‘jalik kanallarining texnik holatini o‘rganish bo‘yicha monitoring taxlil natijalari ko‘rsatdiki, asosan betonlashtirish ishlari to‘g‘ri bajarilishi bilan birga ayrim xatolar yo‘lga qo‘yilganligi aniqlandi.
Masalan ichki xo‘jalik kanallarini betonlashtirishda xar 3 metrdan (Uzel A) shovlar va zichlovchi germetik rezinalar qo‘yilmagan. Shuningdek, Xonqa tumani “Madir-yab” kanali suv sathi sug‘oriladigan maydondagi yer sathiga nisbatan noto‘g‘ri beton qoplangani natijasida quyidagi loyqa o‘tirish holati yuzaga kelgan.
Yuqoridagi qayd etilgan muammolar yechimiga qaratilgan SMITM “Gidrometriya” laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan Urganch tumanidagi “Ibragim-Farida” fermer xo‘jaligi ichki xo‘jalik kanallarida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqot tahlillariga ko‘ra jami 3 km uzunlikdagi ichki xo‘jalik kanali sug‘oriladigan yer maydoniga nisbatan ancha chuqur qazilganligi natijasida dalaga suvning to‘liq o‘tmay kanalning tubida qolishi kuzatildi, oqibatda vegetatsiya davrida kanalda 7750 m3 suv ortiqcha isrof bo‘lgani aniqlandi.
Ushbu isrofgarchilikni oldini olish maqsadida kanallarni yangidan ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlariga asosan qayta tiklash va betonlashtirish tavsiya qilinadi.
Bundan tashqari Mazkur ilmiy-tadqiqot ishlari yakunida suv isteʼmolchilari uchun ichki xo‘jalik kanallarini qayta qurish va betonlashtirish natijasida suv isrofgarchiligini oldini olishga qaratilgan namunaiy texnik loyiha ishlab chiqiladi, hamda SMITM tomonidan fermerlar uchun bu yuzadan amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi