Barcha yangiliklar RSS

Markaz ustavi

 

O‘zbekiston Respublikasi 

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-noyabrdagi 744-son qaroriga asosan tasdiqlangan 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 

Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining

 

USTAVI

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1. Ushbu Ustav O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining (keyingi o‘rinlarda — Markaz) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, uning rahbarlari funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.

2. Markaz Xorazm viloyatida suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, tavsiyalar va innovatsion takliflarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish ishlarini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

3. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

4. Markaz o‘z faoliyatini tegishli davlat boshqaruvi organlari, Xorazm viloyati xokimligi, xo‘jalik birlashmalari, tashkilotlar, ta’lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustaviga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, logotipiga, shtamp va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

6. Markazning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi — “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tatqiqot markazi” (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi), qisqartirilgan nomi — SMITM;

b) rus tilida:

to‘liq nomi — Nauchno-issledovatelskiy tsentr vodnix problem pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — NITSVP;

v) ingliz tilida:

to‘liq nomi — Scientific research center of water problems under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — SRCWP.

7. Markaz joylashgan joy (pochta manzili): Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Navoiy qishloq fuqarolar yig‘ini hududi.

 

2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari

 

8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Xorazm viloyati suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalari bo‘yicha muammolarni aniqlash hamda ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarining qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish;

suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv xo‘jaligi obyektarini xavfsiz va ishonchli ishlatish, suv resurlarini hisobga olish, ularni oqilona boshqarish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, tavsiyalar, innovatsion takliflar va normativ hujjatlarni ishlab chiqish;

Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respulikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan suv xo‘jaligi obyektlari, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqilgan tavsiyalar, innovatsion takliflar va normativ hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish;

ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish, grantlar asosida tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy-texnik yutuqlarni chop etish va targ‘ib qilish;

Markazning ilmiy salohiyatini oshirib borish, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan butlash, bino va inshootlarni texnik soz holda saqlash hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlash.

9. Quyidagilar Markazning asosiy funksiyalari hisoblanadi:

a) Xorazm viloyati suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalari bo‘yicha muammolarni aniqlash hamda ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarining qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha:

Xorazm viloyatining suv xo‘jaligi tizimi, suv va yer resurslari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini tashkil qilish va yangilab borish hamda suv xo‘jaligi rivojlantirish, suvdan va yerdan foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha mavjud muammolarni aniqlab borish;

suv xo‘jaligini rivojlantirish, suvdan va yerdan foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarining qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish;

Xorazm viloyati va tumanlar hokimliklari, suv xo‘jaligi tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari hamda manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni davriy ravishda muhokama qilish va belgilangan tartibda tasdiqlash;

b) suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv xo‘jaligi obyektarini xavfsiz va ishonchli ishlatish, suv resurlarini hisobga olish, ularni oqilona boshqarish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, innovatsion ishlanmalar, tavsiyalar, takliflar va normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha:

Xorazm viloyatining tasdiqlangan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, uning tizimidagi suv tashkilotlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari hamda manfaatdor boshqa idoralar va tashkilotlar bilan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda faol ishtirok etish hamda tegishli grant shartnomalarini rasmiylashtirish;

ilmiy-tadqiqot ishlari va boshqa xo‘jalik faoliyati bo‘yicha Markazning mas’ul laboratoriyalari tomonidan shartnomaviy majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

ilmiy-tadqiqot ishlarini zamonaviy asbob-uskunalar, xalqaro ilg‘or tajriba asosida amalga oshirishni ta’minlash, ularning ijro holati bo‘yicha tizimli monitoring olib borish va har chorak yakuni bilan muhokama qilib borish;

ilmiy-tadqiqot ishlarida belgilangan muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan innovatsion ishlanmalar, tavsiyalar, takliflar va normativ hujjatlarni ishlab chiqish;

suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatish ishlarida ishtirok etish;

suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy muammolar va ularning yechimi bo‘yicha innovatsion takliflar va tavsiyalarni tayyorlash hamda Vazirlar Mahkamasiga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga kiritish;

v) Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respulikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan suv xo‘jaligi obyektlari, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalar, tavsiyalar, takliflar va normativ hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha:

ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalar, tavsiyalar va takliflarning Xorazm viloyati va tumanlar hokimliklari, suv xo‘jaligi tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari hamda aloqador boshqa tashkilotlar rahbar-xodimlari va mutaxassislariga taqdimotlarini qilib borish hamda bildirilgan fikrlar bo‘yicha ularni takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish;

Xorazm viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari hamda aloqador boshqa tashkilotlar rahbar-xodimlari va mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirishda qatnashish, hamkorlikda ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilish; 

ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish va boshqa xo‘jalik shartnomalarini bajarish uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta’minlash, mablag‘larning samaradoriligini oshirish yuzasidan har bir rahbar-xodimning mas’uliyatini oshirish va boshqa choralarni ko‘rish;

Markazning ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlab chiqarish faoliyati yuzasidan hisobotlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga hamda tegishli vazirliklar va idoralarga taqdim qilib borish;

g) ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish, grantlar asosida tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy-texnik yutuqlarni chop etish va targ‘ib qilish bo‘yicha:

soha bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, rahbar-xodimlarning malakasini oshirish, yosh olimlarni tayyorlash, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash;

ta’lim muassasalari talabalarining Markazda amaliyotini tashkil qilish, iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish, ularning bakalavr va magistrlik diplom ishlarini tayyorlashda ko‘maklashish;

soha bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan suv xo‘jaligini rivojlantirish, suvdan va yerdan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalari bo‘yicha kompleks muammolarni hal qilishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

rivojlangan mamlakatlarning suv xo‘jaligi bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan belgilangan tartibda muloqotlar olib borish hamda erishilgan natijalar asosida tegishli grant shartnomalari va kelishuvlarni rasmiylashtirish;

ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan suv xo‘jaligi sohasida erishilgan yutuqlarni targ‘ib qilish bo‘yicha seminarlar va konferensiyalar tashkil qilish;

ilmiy-texnik yutuqlarni tizimli ravishda chop etish va targ‘ib qilish;

Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg‘armasi va uning tarkibiy bo‘linmalari, Butunjahon suv Kengashi, Irrigatsiya va drenaj xalqaro komissiyasi, Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha Xalqaro komissiya, Suv resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha Islom davlatlararo tarmog‘i va boshqa xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish;

d) Markazning ilmiy salohiyatini oshirib borish, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan butlash, bino va inshootlarni texnik soz holda saqlash hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha:

Markaz ilmiy xodimlarining ish sharoitini yaxshilash, zamonaviy tashkiliy texnika bilan ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligi va boshqa mezonlardan kelib chiqib ularni rag‘batlantirib borish, ularning ta’lim va boshqa ilmiy-tadqiqiot muassasalarida, shuningdek, xorijiy tashkilotlarda malakasini oshirishni tashkil qilish;

Markaz laboratoriyalari moddiy-texnika bazasi zamonaviy talablarga javob berishini tahlil qilib borish, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan butlash hamda ilmiy xodimlar uchun qulay ish sharoitini yaratish;

Markaz bino va inshootlarini texnik soz holatda saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash;

Markaz laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan butlash, bino va inshootlarni o‘z vaqtida ta’mirlash-tiklash, rekonstruksiya qilish hamda yanada rivojlantirish yuzasidan asoslangan hisob-kitoblarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim qilib borish;

Markaz qonunga zid bo‘lmagan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

 

3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi

 

10. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Xorazm viloyati suv xo‘jaligini rivojlantirish, suvdan va yerdan samarali foydalanish hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarining qisqa, o‘rta va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan dasturlari loyihalarini, ilmiy asoslangan tavsiyalar va innovatsion takliflarni, mintaqaviy muammolar yechimiga qaratilgan takliflarni, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa taklif hamda hujjatlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

o‘z vakolatlari doirasida Xorazm viloyati sharoitida suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;

Xorazm viloyati va tumanlar hokimliklari, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari hamda boshqa davlat organlaridan Markaz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

Markaz vakolatiga kiradigan masalalarni o‘z vaqtida bajarish uchun manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan tegishli choralarni ko‘rish;

Markaz vakolati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga va Xorazm viloyati hokimligiga takliflar kiritish;

Markazga yuklangan vazifalarni bajarish uchun ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, loyiha tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;

Markaz vakolati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda xalqaro shartnomalar tuzish;

Markaz vakolati doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, konferensiyalar va seminarlar tashkil qilish;

Markazning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

Markazning daromadlar va xarajatlar smetasi va shtat jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash;

Markazning ko‘chmas mulki va boshqa turdagi mol-mulkini samarali boshqarishni tashkil qilish;

binolarga xizmat ko‘rsatish, xo‘jalik inventarlari va ashyolarini, avtotransport, aloqa vositalari, hisoblash, kompyuter va ofis jihozlarini saqlash va ishlatish, dasturiy ta’minotni sotib olish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;

Markaz faoliyatini keng yoritish maqsadida rasmiy veb-saytlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratish;

Markaz tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha faoliyatni tashkil etish.

Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

11. Markaz:

Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish;

Vazirlar Mahkamasiga har chorakda bir marta tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan takliflarni taqdim etib borish;

Markaz faoliyati to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlash;

Markaz xodimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda moddiy rag‘batlantirish, muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga hisobot berish uchun javob beradi.

4-bob. Markaz faoliyatini tashkil qilish

 

12. Markazga Xorazm viloyati hokimining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining tavsiyasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.

13. Markaz direktorining o‘rinbosari — ilmiy kotib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan kelishilgan holda direktor buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

14. Markaz direktori vaqtincha bo‘lmaganda uning vakolatlarini o‘rinbosar bajaradi.

15. Direktor Markaz xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.

16. Markazning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasidagi hamkorlik Markaz rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.

 

5-bob. Markaz rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari

 

17. Quyidagilar direktorning asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;

Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Markazga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks dastur va tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha tegishli vazirliklar va idoralar, Xorazm viloyati va tumanlar hokimliklari bilan hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari topshiriqlarini bajarish;

o‘z o‘rinbosari vakolatini hamda Markazning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;

Markaz faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Markaz va o‘z o‘rinbosarining ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarini bajarishni tashkil etish bo‘yicha ta’sirchan tizimni yaratish va monitoring olib borish, shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash uchun kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish;

suv xo‘jaligini rivojlantirish, suvdan va yerdan samarali foydalanish hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalari bo‘yicha ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, xo‘jalik ishlari bo‘yicha boshqa shartnomalar o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

Markaz faoliyatiga tegishli sohalar bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar va innovatsion takliflarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish;

Markaz xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

Markaz tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Markazning kadrlar zaxirasini shakllantirish;

Markazga ishga qabul qilinayotgan kadrlarning professional, o‘z ishini bilishi, ilmiy salohiyatga, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash;

Markaz rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini qonun hujjatlari talablariga muvofiq tashkil etish;

o‘z o‘rinbosari faoliyati samaradorligini va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, uning shaxsiy hisobotlarini eshitish, uning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

Markaz xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, o‘z o‘rinbosarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritish;

Markaz xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Markaz xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Markaz tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining rasmiy hujjat va topshiriqlari bajarilishini tashkil qilish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajadagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori, Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarori va boshqa qonun hujjatlariga asosan Markaz faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash uchun kompleks amaliy choralarni amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish.

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

Markaz faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;

Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Markazning shtat jadvalini tasdiqlash;

zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;

Markaz xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va yo‘riqnomalarni qabul qilish;

o‘z o‘rinbosari vakolatlarini belgilash, laboratoriya mudirlarining Markaz faoliyatining alohida qismlariga rahbarlik qilishi uchun ularning shaxsiy mas’uliyati darajalarini belgilash;

Markaz direktorining o‘rinbosari — ilmiy kotib va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlarining hisobotlarini eshitish;

Markaz xodimlarini qonun hujjatlariga muvofiq rag‘batlantirish shakllarini hamda lavozim maoshlariga ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni belgilash, xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha buyruqlar chiqarish, zarur bo‘lganda ularni intizomiy jazoga tortish masalalarini hal qilish;

Markazning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni, bo‘lim boshliqlari va xodimlarning funksional vazifalarini tasdiqlash;

har yili 25-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Markaz tadbirlari kalendar rejasini, ilmiy-tadqiqot loyihalarining mavzuli rejalarini shakllantirish va tasdiqlash;

Markazning hisobotlarini tasdiqlash;

Markazning daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlash;

Markazning aktivlarini tasarruf etish, mol-mulkni boshqarish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, moliyaviy, to‘lov, hisob-kitob va boshqa hujjatlarni imzolash, zarur hollarda Markaz xodimlariga ishonchnomalar berish;

Markaz nomidan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlari bilan shartnoma va memorandumlar tuzish;

Markaz nomidan shartnomalar va boshqa bitimlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish va ijrosini ta’minlash;

xodimlarni belgilangan tartibda ishga qabul qilish, ular bilan mehnat shartnomalari tuzish, o‘zgartirish va amal qilishini to‘xtatish, buyruqlar chiqarish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar berish;

ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar va innovatsion takliflarni amaliyotga joriy qilish ishlarining manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Markazning moliya-xo‘jalik faoliyati, shartnomalarning bajarilishi va barcha xizmatlar bo‘yicha tashkiliy ishlarni amalga oshirish;

Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan tarzda xalqaro hamkorlik ishlarini tashkil qilish;

Markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

18. Quyidagilar direktor o‘rinbosari — ilmiy kotibning asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish hamda Markaz tarkibiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan rioya etilishini ta’minlash;

tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;

ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha laboratoriyalar tomonidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion ishlanmalarning yillik hamda istiqbolga mo‘ljallangan mavzular rejalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, tasdiqlangan mavzular rejasi o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, Markaz bo‘yicha ilmiy hisobot tayyorlanishini tashkil etish;

ilmiy kengash ish rejalari loyihasini tayyorlash va tasdiqlangan ish rejalar ijrosini nazorat qilish, ilmiy ishlarni nashr etish rejasi bo‘yicha takliflar tayyorlash, ularni taqrizdan o‘tkazishni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini ta’minlash, Markaz direktori tomonidan belgilangan ijro intizomini mustahkamlash uchun kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, xodimlarning qonun hujjatlarida belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi yuzasidan shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;

Markaz direktori buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalarning ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun Markaz direktoriga kiritish, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarning bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

vakolati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Markaz direktoriga kiritish;

Markaz tarkibiy bo‘linmalariga kadrlarni tanlash va tayinlashda Markaz direktoriga takliflar kiritish, o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalarga ishga qabul qilinayotgan kadrlarning professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va ma’naviy-axloqiy sifatlari kafolatlanganligini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;

tarkibiy bo‘linmalarda ustuvor ilmiy-tadiqot ishlari bo‘yicha loyihalar natijasi asosida tavsiyalar, innovatsion takliflar va normativ hujjatlar o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish;

Markazga taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘z vakolati doirasida to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish va Markaz direktoriga takliflar kiritish;

Markaz rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini qonun hujjatlari talablariga muvofiq tashkil etish;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;

Markaz tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining faoliyati samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, ularning hisobotlarini yig‘ilishlarda eshitish, yakunlari bo‘yicha Markaz direktoriga taklif kiritish;

Markaz xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini ta’minlash;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.

Markaz direktorining o‘rinbosari — ilmiy kotib qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

19. Markaz tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari quyidagilar hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga tarkibiy bo‘linmalar xodimlari tomonidan rioya etilishini ta’minlash;

tarkibiy bo‘linmalar xodimlariga bevosita rahbarlik qilish, bo‘linmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini ta’minlash, Markaz rahbariyati tomonidan belgilangan ijro intizomini mustahkamlash uchun kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, xodimlarning qonun hujjatlarida belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;

Markaz rahbariyati buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linma xodimlarining ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda tegishli rahbarga kiritish, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

vakolati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun tegishli rahbarga kiritish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmaga kadrlarni tanlash va tayinlashda tegishli rahbarga taklif kiritish, tarkibiy bo‘linmaga ishga qabul qilinayotgan kadrlarning professionalligi, o‘z ishini bilishi, ilmiy salohiyati, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va ma’naviy-axloqiy sifatlari kafolatlanganligini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmada kadrlar zaxirasini shakllantirish;

tarkibiy bo‘linma tomonidan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash hamda ilmiy asoslangan tavsiyalar va innovatsion takliflarni ishlab chiqish;

tarkibiy bo‘linmaga taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘z vakolati doirasida to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish va tegishli rahbarga takliflar kiritish;

xodimlarning xizmat safarlarini qonun hujjatlari talablariga muvofiq tashkil etish;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish;

tarkibiy bo‘linma xodimlarining faoliyati samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, tarkibiy bo‘linma hisobotlarini rahbariyatga taqdim etish va rahbariyat ko‘rsatmalariga muvofiq faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;

tarkibiy bo‘linma xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash.

 

6-bob. Markaz rahbarlarining javobgarligi

 

20. Direktor:

Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Ustavning 17-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

21. Direktor o‘rinbosari — ilmiy kotib va tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari:

tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi uchun;

ushbu Nizomning 18 va 19-bandlarida ko‘rsatilgan o‘z funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.

 

 

 

 

 

7-bob. Markaz va uning xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini 

baholash mezonlari va ish indikatorlari

 

22. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanadi.

23. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligiga berilgan baho O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan Markaz faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.

24. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:

Markaz rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlik choralari;

Markaz faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.

25. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

 

8-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish

 

26. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

Oldingi tahrirga qarang.

Markazning bino va inshootlarini saqlash hamda xodimlar mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

(26-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/453/0693-son)

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar grantlari;

xizmat ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

27. Markazga biriktirilgan va uning operativ boshqaruvida bo‘lgan mulk O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki hisoblanadi. 

Markaz mol-mulki unga davlat tomonidan belgilangan tartibda operativ boshqaruv huquqi bilan birkitilgan mulkdan iborat bo‘lib, Markazning o‘z faoliyatidan olingan daromadlaridan, shuningdek qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.

Markaz mol-mulkini sotish, boshqa yuridik shaxslarga berish yoki uning shaklini o‘zgartirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

28. Xo‘jalik, ilmiy-texnik faoliyatdan tushgan daromadlar hisobiga sotib olingan mulk va vositalar Markaz mulki hisoblanadi.

29. Barcha ilmiy-tadqiqot materiallari, shuningdek, tuzilgan shartnomalarga muvofiq bajarilgan ishlar bo‘yicha materiallar Markaz faoliyatining intellektual mulk obyektlari hisoblanadi.

30. Markaz direktori belgilangan ish haqi fondini tejashdan hamda budjetdan tashqari tushgan, shuningdek, xodimlarning tasdiqlangan shtatlar jadvalida nazarda tutilgan shtat birliklari yetishmasligidan iqtisod qilingan mablag‘lardan xodimlarni moddiy rag‘batlantirishda, Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda foydalanishga haqlidir.

31. Markaz xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

32. Markaz xodimlarining oldingi ish joyida olgan uzoq muddat uzluksiz mehnati uchun qo‘shimcha haqlari va ustamalari saqlab qolinadi.

33. Markaz direktori Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda vazifalarini tashabbus ko‘rsatib va vijdonan bajargan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida ularga belgilangan tartibda Markazning o‘z mablag‘lari hisobiga lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda oylik ustamalar belgilashga, har chorakda mukofotlashga, moddiy yordam tayinlashga haqli.

34. Markaz O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga va fuqarolar huquqlariga rioya qilishni hamda shartnomaviy majburiyatlarni bajarish bo‘yicha javobgarlikni o‘ziga oladi.

35. Markaz buxgalteriya va operativ hisob-kitob ishlarini yuritadi va belgilangan muddatlarda davlat statistika muassasalari va yuqori tashkilotlarga amaldagi qonunchilikda belgilangan shakllarda hisobotlar beradi.

 

9-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

36. Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

37. Ushbu Ustav talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 


12-04-2022, 11:34
Ko'rishlar: 534
Sahifani chop etish
Suv hayotning asosi, uning qayta tiklanadigan resursidir. Uni shunday boshqarish kerakki, uning tabiat bilan munosabatlari doimiyligi saqlanib qolsin.
“Suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo'lib, u davlat tomonidan qo'riqlanadi”