Barcha yangiliklar RSS

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SUV MUAMMOLARI ILMIY-TADQIQOT MARKAZI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Suv xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish, Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib suvni boshqarish, uning hisobini yuritish va undan oqilona foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, suv va yer resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlash hamda fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm tajriba-ishlab chiqarish xo‘jaligi negizida davlat muassasasi shaklida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil qilinsin.

2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Xorazm viloyati suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalari bo‘yicha muammolarni aniqlash hamda ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarining qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish;

suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv xo‘jaligi obyektlarini xavfsiz va ishonchli ishlatish, suv resurlarini hisobga olish, ularni oqilona boshqarish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, innovatsion ishlanmalar, tavsiyalar, takliflar va normativ hujjatlarni ishlab chiqish;

Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respulikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan suv xo‘jaligi obyektlari, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalar, tavsiyalar, takliflar va normativ hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish;

ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish, grantlar asosida tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy-texnik yutuqlarni chop etish va targ‘ib qilish;

Markazning ilmiy salohiyatini oshirib borish, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan butlash, bino va inshootlarni texnik soz holda saqlash hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlash.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, Markaz direktori Xorazm viloyati hokimining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining tavsiyasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

5. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:

bir oy muddatda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navoiy qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan sinov-tajriba bo‘limining bino va inshootlari, hududi va moddiy-texnika bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin hamda tegishli ekin-tajriba maydonlari bilan birgalikda Markazga belgilangan tartibda o‘tkazib bersin;

ikki oy muddatda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikda Markazni belgilangan tartibda malakali rahbar va mutaxassislar bilan ta’minlashni tashkil qilsin.

6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/453/0693-son)

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar grantlari;

xizmat ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

Oldingi tahrirga qarang.

Markazning ilmiy va rahbar xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlari uchun hamda boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/453/0693-son)

Oldingi tahrirga qarang.

Markazning bino va inshootlarini saqlash hamda xodimlar mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini moliyalashtirish 2022-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

(7-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/453/0693-son)

8. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda sohaga oid mavjud muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni 2021-yildan boshlab amalga oshirish bo‘yicha asoslangan takliflarni 2020-yil 25-dekabrga qadar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga kiritsin.

Xorazm viloyati hokimligi Markaz bilan birgalikda ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida ustuvor ilmiy loyihalarni ishlab chiqsin va ularning mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilishini ta’minlasin.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV


Скачать файл: vazirlar_mahkamasining_2020_yil_25_noyabrdagi_744_sonli_qarori.docx [44,45 Kb] (cкачиваний: 31)
Посмотреть онлайн файл: vazirlar_mahkamasining_2020_yil_25_noyabrdagi_744_sonli_qarori.docx

14-04-2022, 22:09
Ko'rishlar: 130
Sahifani chop etish
Suv hayotning asosi, uning qayta tiklanadigan resursidir. Uni shunday boshqarish kerakki, uning tabiat bilan munosabatlari doimiyligi saqlanib qolsin.
“Suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo'lib, u davlat tomonidan qo'riqlanadi”