O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SUV MUAMMOLARI ILMIY-TADQIQOT MARKAZI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Xorazm viloyatida suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini yanada oshirish, suv resurslaridan foydalanishni to‘g‘ri rejalashtirish, ilm-fan yutuqlarini, jumladan, viloyatning o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoitlarida innovatsion va resurslarni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga keng joriy qilish hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-noyabrdagi 744-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganligi, uning asosiy vazifalari va faoliyatini moliyalashtirish manbalari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Xorazm viloyati hokimligining 2021-yil 1-iyuldan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining (keyingi o‘rinlarda — Markaz):
xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplashni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
ilmiy va rahbar xodimlari ish haqini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarining ish haqini Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining boshqaruv va yordamchi xodimlarining bazaviy lavozim maoshi miqdoriga tenglashtirish;
ilmiy xodimlari mehnatiga haq to‘lashni bosqichma-bosqich maqbullashtirgan tartibda o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Markazni saqlash bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlar 2021-yilda Xorazm viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi, 2022-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini 2026-yil 1-yanvargacha bosqichma-bosqich maqbullashtirish jadvali 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Xorazm viloyati hokimligi:
2021-yilda Markazni saqlash bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash hamda yangi tashkil etilayotgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyalariga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va zamonaviy laboratoriya jihozlarini xarid qilish uchun Xorazm viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan mablag‘lar ajratish bo‘yicha viloyat xalq deputatlari Kengashiga taklif kiritsin;
Urganch shahri hududida bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ma’muriy bino va inshootlarni qurish uchun 0,2 gektar yer uchastkasini Markazga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratsin;
Xonqa tumani hududidagi Markazga tegishli bo‘lgan jami 78,9 gektar yer uchastkasi, shundan 57,1 gektari ekin maydoni va 11,0 gektari bog‘dan iborat bo‘lgan dala-tajriba yer uchastkasi bino va inshootlari, moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda Xonqa tumani hokimligiga berilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligining Markazga Urganch tumanining suv ta’minoti qulay bo‘lgan hududidan qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinovlarni amalga oshirish uchun bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan 10,0 gektargacha bo‘lgan sug‘oriladigan yer uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Markaz:
suv xo‘jaligi va boshqa turdosh sohalardagi mahalliy yosh iqtidorli mutaxassislar va kadrlarni o‘rganib, ularni Markazga jalb qilish, Xorazm viloyati suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanishni rejalashtirish, 2021 — 2026-yillarda ilm-fan yutuqlarini, jumladan, viloyatning o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoitlarida innovatsion va resurslarni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga keng joriy qilish bo‘yicha ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarining qisqa va o‘rta muddatli dasturlarini ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan Markaz ilmiy xodimlari mehnatiga haq to‘lashni 2022 — 2026-yillar davrida bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
7. Quyidagilar Markazning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyentini oshirish, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritishda raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va tuproq ostidan sug‘orish texnologiyalarini, suv tanqisligi sharoitida yangi usullar va texnologiyalarni, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va boshqa innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, sho‘rlangan yerlarning sho‘rini yuvish va sug‘orishda yerlarni lazer uskunali yer tekislagichlar bilan tekislash hamda boshqa innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash;
suv xo‘jaligi tashkilotlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligi oshirish.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 25-noyabrdagi 744-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev hamda Xorazm viloyati hokimi F.O‘. Ermanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-iyul,
453-son