Innovatsion sho‘r yuvish ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-101-sonli Farmonining 11-bandida “Agrobank” ATB tomonidan suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida grant mablag‘i ajratilishi yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi Agrobank ATB bilan hamkorlikda 2023 yil noyabr oyida loyihalar tanlovini e’lon qilgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (SMITM) tomonidan amaliy ilmiy-tadqiqot loyihalar takliflari bilan mazkur tanlovda ishtirok etdi.

Tanlov natijasiga ko‘ra hozirgi kunda SMITM va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan tuzilgan 2024 yil 29 fevraldagi shartnomaga asosan hamda Agrobank ATB moliyaviy hamkorligida “Xorazm viloyati tuproq sharoitida sho‘r yuvish muddatlarini belgilash va lazer uskunali tekislagichlar bilan tekislangan maydonlarda dalalarni chek (chel) olib pollarga bo‘lish o‘lchamlarining sho‘r yuvish me’yorlariga ta’sirini o‘rganish” mavzusida 2026 yil 1 martgacha bo‘lgan davrda 2 yillik ilmiy-tadqiqot ishlari boshlangan. 

Loyihaning jami qiymati 402 mln. so‘m bo‘lib, shu jumladan loyiha hisobidan 158,7 mln. so‘mlik ilmiy tadqiqot ishlari uchun zarur bo‘ladigan zamonaviy o‘lchov asbob-uskunalari sotib olinadi.

Loyihaning maqsadi suv tanqisligi bilan bog‘liq Xorazm viloyati tuproq sharoitida  sho‘r yuvish muddatlarini belgilash va lazer uskunali tekislagichlar bilan tekislangan maydonlarda dalalarni chek (chel) olib pollarga bo‘lish o‘lchamlarining sho‘r yuvish me’yorlariga ta’sirining ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.

Loyihani amalga oshirish uchun SMITM ilmiy xodimlaridan iborat vaqtinchalik ilmiy jamoa tashkil etilgan va 2024 yil mart oyida Xorazm viloyatida sho‘r yuvish tadbirlarining o‘tkazilishi yuzasidan dastlabki dala ilmiy tadqiqot ishlari boshlangan.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi Xorazm viloyati tuproq sharoitida lazer uskunali tekislagich bilan tekislangan dalalarda kuzgi-qishki va qishki-bahorgi sho‘r yuvish tadbirlarida yerlarning sho‘rini yuvish uchun tayyorlanadigan cheklar (pollar) kattaligining sho‘r yuvish me’yorlariga ta’siri aniqlanadi.

Loyihani amalga oshirish natijasida lazer uskunali tekislagichlar bilan tekislangan maydonlarda dalalarni chek (chel) olib pollarga bo‘lish o‘lchamlarining sho‘r yuvish me’yorlariga ta’sirining ilmiy asoslari bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar uchun amaliy qo‘llanma tayyorlanadi.

Loyiha maqsadiga erishish uchun quyidagi vazifalar rejalashtirilgan:

Tuproq sho‘rlanish darajasi va tuproq mexanik tarkibini hisobga oluvchi omillar asosida fermer xo‘jaliklari dala tajriba uchastkalari tanlab olinadi. Xorazm viloyati tuproq sharoitida sho‘r yuvish tadbirlarining hozirgi holati tahlil etiladi va baholanadi. Dala tadqiqot ishlari uchun tadqiqot ob’ektlari jihozlanadi. Sho‘r yuvish tadbirlari va sho‘r yuvish me’yorlarining amaldagi sarfini aniqlash va tahlil etish ishlari bajariladi.

Dala tadqiqotlarining natijalari asosida Xorazm viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari va  suv iste’molchilari uchun amaliy o‘quv seminarlari tashkil etiladi.


18-04-2024, 17:09
Ko'rishlar: 153
Sahifani chop etish
Suv hayotning asosi, uning qayta tiklanadigan resursidir. Uni shunday boshqarish kerakki, uning tabiat bilan munosabatlari doimiyligi saqlanib qolsin.
“Suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo'lib, u davlat tomonidan qo'riqlanadi”