Gurlan tumani Amudaryo qishlog‘i “Oqmon usta” fermer xo‘jaligi dalasida g‘o‘zani sug‘orishda tomchilatib sug‘orish tizimi samaradorligini o‘rganish bo‘yicha seminar tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 107-sonli qarorida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, jumladan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishning afzalliklari bo‘yicha joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida viloyatdagi suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassilari va fermer xo‘jaliklari uchun 2023 yil 25 iyul kuni Gurlan tumani Amudaryo qishlog‘i “Oqmon usta” fermer xo‘jaligi dalasida Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (ITHB) tomonidan viloyat ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminarda aloqador tashkilot va muassasalar rahbarlari, suv tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar, quruvchi-pudrat tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (SMITM) direktori Odilbek Eshchanov va Markaz “Sug‘orish va suv tejovchi texnologiyalari” laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Xikmat Sadullaevlar ishtirok qildilar.
Seminarda ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D. Kamolov, SMITM direktori O.Eshchanov, , "OMAD START" MChJ Xorazm viloyati bo‘yicha vakili E.Abdullaev, ITHB bo‘lim boshlig‘i E. Nurmetov, “Oqmon usta” fermer xo‘jaligi rahbari O.Ollaberganovlar seminar ishtirokchilariga mavjud va kutilayotgan suv muammolari va ularga yechimlar to‘g‘risida, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining afzalliklari va samaradorligi mavzusida keng ko‘lamda ma’lumot berdilar.
Shu bilan birga seminar ishtirokchilari “Oqmon usta” fermer xo‘jaligi dalasida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimi va hozirgi kunda g‘o‘zani sug‘orish jarayonini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Gurlan tumani Amudaryo qishlog‘idagi “Oqmon usta” fermer xo‘jaligi jami yer maydoni 89,1 gektar bo‘lib, g‘o‘za ekilgan maydon 51,0 gektarni tashkil etadi. Shundan fermer xo‘jaligining g‘o‘za ekilgan 10 gektar maydoniga "OMAD START" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilib, kollektor suvidan foydalanilgan holda joriy yilning 28 may kuni ishga tushirilgan.