Tabiiy resurslar barqarorligini oshirishda suv yig‘ish havzalarini boshqarishning o‘rni: O‘zbekistonga e’tibor qaratgan holda
Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining (IWMI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining Ilmiy-axborot markazi (НИЦ МКВК) bilan birgalikda 2023 yil 11 sentyabr kuni Toshkent shahri “Radisson Blu” mehmonxonasining majlislar zalida “Tabiiy resurslar barqarorligini oshirishda suv yig‘ish havzalarini boshqarishning o‘rni: O‘zbekistonga e’tibor qaratgan holda” mavzusida seminar tashkil etdi.
Seminarni IWMI milliy tadqiqotchisi Sh.Kenjabaev olib bordi. Seminar ishida НИЦ МКВК, Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasining O‘zbekistondagi GEF agentligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, O‘zbekiston ekologik xarakati, TIIIMSX Milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Toshkent davlat agrar universiteti, Agro innovatsiyalar va texnologiyalar instituti, O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Samarkand Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti Andijon filiali, “Indigo” NNT, Respublika agrokimyoviy taxlil markazi rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdilar. Shuningdek, IWMI taklifiga binoan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (SMITM) direktori O.Eshchanov ishtirok etdi.
Seminarning maqsadi suv havzalarini boshqarishning turli jihatlari bo‘yicha ishlaydigan turli tashkilotlar vakillarini jalb qilishdir. Muloqot va fikr va tajriba almashish orqali ishtirokchilar bir-birlarining maqsadlari, faoliyati haqida bilib olishlari, hamkorlarni aniqlashlari mumkin bo‘ladi. Boshqacha aytganda, seminar Markaziy Osiyo kontekstida suv havzalarini barqaror boshqarishga yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish bilan bir qatorda muhokama maydoni bo‘lib xizmat qilishi maqsad qilingan.
Suv havzalarini boshqarish ekologik funksiyalarni saqlab qolgan holda inson ehtiyojlarini qondirish uchun yer, suv, o‘simliklar (o‘rmonlar) va boshqa tabiiy resurslar o‘rtasidagi munosabatlarni tushunish va boshqarishni o‘z ichiga oladi. Misol uchun, yaxshi boshqariladigan o‘rmonlar yong‘in xavfini kamaytirishi, eroziya va cho‘kindilarni quyi oqimga olib o‘tishning oldini olishi, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish uchun imtiyozlar berishi, suv sifatini yaxshilash va ekstremal hodisalarning (masalan, suv toshqini) salbiy oqibatlarini kamaytirishi mumkin. O‘zbekiston tabiiy resurslarining barqarorligini oshirishda suv havzalarini boshqarishning o‘rni suv resurslaridan foydalanishni samarali tashkil etish va nazorat qilish, ifloslanishining oldini olish va ularning taqsimlanishini optimallashtirishdan iborat.
Markaziy Osiyo kontekstida suv havzalarini boshqarish bo‘yicha turli tadbirlar turli sub’ektlar va agentliklar tomonidan boshqariladi. Bundan tashqari, ko‘plab suv havzalari ham transchegaraviy xususiyatga ega va bu havzalarni boshqarishda turli institutlar o‘rtasida muvofiqlashtirishda bo‘shliqlar mavjud. Suv havzalarini boshqarish suv resurslarini iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘rtasida taqsimlashni optimallashtirish bilan ham bog‘liq. Bunga suvdan samarali foydalanishni iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, suvga bo‘lgan ehtiyoj va uning mavjudligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash uchun turli tarmoqlar uchun qoidalar va me’yorlarni belgilash kiradi.
Seminar dasturi ikkita “Suv resurslarini muhofaza qilishda o‘rmonlar” va “Suv resurslarini boshqarish” tematik sessiya mavzularida tashkil etildi.
Seminarda suv havzalarini boshqarish bilan bog‘liq turli mavzular, jumladan, O‘zbekistondagi Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish, o‘rmon va namlik o‘rtasidagi bog‘liqlik, o‘rmonlarni kesishning suv resurslariga ta’siri va aloqasi, tog‘larning suvni tejash va o‘rmonlarning tuproqni himoya qilish funksiyalarini oshirish, shuningdek, o‘rmon ekinlarini yaratish texnologiyasini takomillashtirish kabi mavzular muhokama qilindi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston togʻlarida oʻrmon barpo etish/qayta tiklash: havza darajasida suv resurslarini rejalashtirish va boshqarish, Amudaryo havzasida PyWR modelini qoʻllash, Oʻzbekiston Ekologik harakatining suvni tejashdagi roli, O'zbekiston Respublikasida Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish tamoyillarining amalga oshirilishini ko'rib chiqish va boshqa mavzular taqdimoti o’tkazildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga O‘zbekistondagi tabiiy resurslarning barqarorligini ta’minlash uchun suv havzalarini samarali boshqarish bo‘yicha maqsadga erishishda manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik muhimligi ta’kidlandi.