Sayyor o‘quv-kursi
2022 yilning 14-15 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi mutaxassislari va fermerlarning malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli sayyor o‘quv-kurslari tashkil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishining 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6024-sonli Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini loyixalash, joriy etish va ularni ishlatish bo‘yicha malakali mutaxassislar va soxa olimlari tavsiyalari asosida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga davriy ravishda sayyor o‘qitish kurslarini hamda ko‘rgazmali o‘quv-seminarlar tashkil qilib, markaziy va hududiy teleradiokanallar hamda internet nashrlarida yoritib borish tavsiya etilgan. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2022 yilning 14 fevral kuni Qoraqapog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida, 15 fevral kuni Beruniy shahri Suv xo‘jaligi va melioratsiya kolleji binosida suv xo‘jaligi mutaxassislari va fermerlarning malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli sayyor o‘quv-kurslari tashkil qilindi.
Sayyor o‘quv-kurslarida O’zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbar xodimlari, tuman irrigatsiya bo‘limlari boshliqlari, fermer xo‘jaligi va agroklaster rahbarlari, ilmiy tadqiqot instituti olimlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazining (Markaz) “Sug‘orish va suvni tejaydigan texnologiyalar laboratoriyasi” muxandisi F.Damirov va “Gidrometriya laboratoriyasi” muxandisi X.Sattarovlar faol ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, o‘quv-kursi doirasida Markazning “Sug‘orish va suvni tejaydigan texnologiyalar laboratoriyasi” muxandisi F.Damirov 14 fevral kuni Nukus shahrida, 15 fevral kuni Beruniy shahrida "Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar faoliyati bilan tanishtirish hamda mazkur texnologiyani tuproq-iqlim sharoiti, ekin turlaridan kelib chiqib tanlash va joriy qilish” mavzusida tadbir ishtirokchilariga taqdimot qildi.
Shuningdek, Markazning Gidrometriya laboratoriyasi muhandisi H.Sattorov 14 fevral kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan sayyor o‘quv-kursida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan suv isteʼmolchilarini rag‘batlantirish uchun ajratilgan subsidiyalar to‘g‘risida ishtirokchilarga maʼlumot berib o‘tdi.
Sayyor o‘quv-kursi yakunida tadbir ishtirokchilari hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda yuzaga kelayotgan ayrim kamchiliklar bo‘yicha takliflarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.