Joriy yilning 6-13 sentabr kunlari “Suvchilar maktabi” o‘quv kurslari doirasida amalga oshirilgan ishlar va tajriba maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni amalda qo‘llanilishi bo‘yicha erishilgan natijalar to‘g‘risida Xorazm viloyatining barcha tumanlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridan taklif etilgan fermer xo‘jalik rahbarlari va xodimlari hamda soha mutaxassislari uchun Xorazm ilmiy tajriba stansiyasi hududidagi “Suvchilar maktabi” tajriba maydonida Agrobank va Xorazm suv muammolari ilmiy tadqiqot markazi (SMITM) tomonidan amaliy o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Amaliy o‘quv seminarda “Suvchilar maktabi” hududiy menejeri S.Bekchanov, SMITM direktori O.Eshchanov, SMITM Suv xo‘jaligida raqamli va innovatsion texnologilar laboratoriyasi mudiri H.Durdiyev, SMITM “Sug‘orish va suvni tejaydigan texnologiyalar” laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi H.Sadullayevlar tadbir ishtirokchilariga tajriba maydonlarini tashkil etish maqsadida dalada amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilgan holatda yetishtirilgan paxta hosili uchun suv, mineral o‘g‘itlar sarfi, agrotexnikasi hamda kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan holatda yetishtirilayotgan paxta hosili bilan dalaning o‘zida tanishib, mineral o‘g‘itlarning ishlatilishi, agrotexnik tadbirlar hamda vegatatsiya davomida ishlatilgan suv hajmi bilan qiziqdilar.
Yakunda tomchilatib sug‘orish texnologiyasining afzalliklari, tizimni ishlatish mobaynida yuzaga keladigan kamchiliklar, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, suv tanqisligi kuzatilayotgan bir davrda suvni iqtisod qilish muhimligi borasida o‘zaro fikr almashilib, tizimni qo‘llash borasida SMITM bilan o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Bundan tashqari seminarni oxirgi kunida “Suvchilar maktabi” tomonidan jalb qilingan tajriba maydoni va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha expert maslahatchi Keskinkilich Mexmet Akif ham ishtirok etib tizimni mukammal ishlashi uchun zarur bo‘lgan jihatlar borasida fermer va soha mutaxassislariga tushuntirish berib o‘tdi.